Isroil bosh vaziri mudofaa vazirini ishdan bo’shatdi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mudofaa vaziri Yoav Galantni ishdan bo‘shatdi, deb xabar bermoqda Haaretz nashri. The Jerusalem Post nashrining aniqlik kiritishicha, yangi mudofaa vaziri etib tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan İsrael Katz tayinlangan.
“Isroil Bosh vaziri sifatidagi eng oliy masʼuliyatim mamlakat xavfsizligini taʼminlash va bizni hal qiluvchi gʻalaba sari yetaklashdir. Urush davrida Bosh vazir va Mudofaa vaziri o’rtasida to’liq ishonch har qachongidan ham zarur. Agar kampaniyaning dastlabki oylarida bizda shunday ishonch bo‘lgan bo‘lsa va ko‘p narsaga erishgan bo‘lsak, so‘nggi oylarda, afsuski, men va Mudofaa vaziri o‘rtasidagi bu ishonch so‘ndi”, — degan Netanyaxu o‘z bayonotida.
Netanyaxuning so’zlariga ko’ra, u va Galant urush olib borish bo’yicha kelishmovchilikka uchragan.
“Men bu kelishmovchiliklarni hal qilish uchun ko’p harakat qildim, ammo ular yanada kengaydi. Ular ham ommaga nomaqbul ko‘rinishda ma’lum bo‘ldi, bundan ham yomoni, dushmanlarimizga ma’lum bo‘ldi – dushmanlarimiz bundan zavq olishdi va bundan katta foyda olishdi”, — deya bosh vazirning so‘zlarini keltiradi Times of Israel gazetasi.
Netanyaxu, shuningdek, hukumat aʼzolarining koʻpchiligi uning qarorini qoʻllab-quvvatlashini aytdi.
Sharhlar