Isroil Eronning Suriyadagi elchixonasiga zarba berdi. Islom inqilobi posbonlari korpusining 7 a’zosi halok bo‘ldi
Isroil aviatsiyasi Eronning Damashqdagi elchixonasiga zarba berdi, deya xabar bermoqda Reuters. Oqibatda Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK)ning “Al-Kuds” bo‘linmasi komandiri general Muhammad Rizo Zohidiy halok bo‘ldi.
IIPKga aloqador Fars News agentligi Zohidiyning o‘limini tasdiqladi. Shuningdek, Irna agentligi IIPK matbuot xizmatiga tayanib, hodisa natijasida general Muhammad Hodi Hoji Rahimiy va korpusning yana besh a’zosi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Elchixona binosi butunlay vayron bo‘lgan. Eronning Damashqdagi elchisi ma’lum qilishicha, Isroilning F-35 qiruvchi samolyotlari olti raketa tashlagan.
Eron Tashqi ishlar vazirligi Isroilning hujumini qoralab, uni xalqaro huquqlarning qo‘pol ravishda buzilishi deb atadi. Shuningdek, Eron javob reaksiyasi ko‘rsatish va “tajovuzkorni jazolash” borasida qaror qabul qilishini bildirdi.
Sharhlar