Isroil mudofaa armiyasi 7-oktabr kuni garovga olingan yana bir fuqaro ozod etilgani haqida e’lon qildi
Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) 7-oktyabr kuni Xamas tomonidan G‘azo sektoriga o‘g‘irlab olib ketilgan 52 yoshli Qaid Farxan al-Qadiyni qutqardi, deya xabar beradi Isroil harbiylari.
Ularning qo‘shimcha qilishicha, garovga olingan shaxs “G‘azo sektori janubida o‘tkazilgan murakkab operatsiya davomida” ozod qilingan.
Bayonotda aytilishicha, boshqa garovga olinganlar va harbiy xizmatchilarning xavfsizligi borasidagi xavotirlar tufayli batafsilroq ma’lumotni e’lon qilish mumkin emas.
Garovda bo‘lgan fuqaroning ahvoli barqaror, u tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
20-avgust kuni AFP agentligi G‘azoda garovga olingan 71 kishi hamon ushlab turilgani haqida xabar bergandi. Ularning 64 nafari Isroil fuqarosi (ayrimlari bir nechta fuqarolikka ega), olti nafari Tailand fuqarosi va bir nafari Nepal fuqarosi. Garovga olinganlarning hammasi tirik ekaniga kafolat yo‘q.
Farxan al-Qadiy haqidagi bayonotdan oldin, 7 oktyabr kuni garovga olingan 251 kishidan 116 nafari, asosan ayollar va bolalar ozod qilingani ma’lum edi. Ularning aksariyati o‘tgan yil noyabr oyida sulh doirasida Isroilga qaytgan.
Sharhlar