Isroil mudofaa kuchlarining zarbasi natijasida Xamas yetakchilaridan biri yo‘q qilindi
Livanda Isroil mudofaa kuchlarining havo hujumi natijasida Xamas va “al-Jamoa al-Islomiya” yetakchilaridan biri Ayman Gatma o‘ldirildi.
Gatma avtomobilini Isroil chegarasidan 40 kilometr uzoqlikdagi al-Hyara shahri yaqinida haydab ketayotganida dron tomonidan yo‘q qilingan. Isroil mudofaa kuchlari zarba berish va uning oqibatlari aks etgan videoni chop etdi.
Harbiylarga ko‘ra, Gatma Livandagi Xamas va “al-Jamoa al-Islomiya” guruhlarini qurol-yarog‘ bilan ta’minlashga mas’ul bo‘lgan.
Bu orada Reuters agentligining G‘azodagi Xamas nazoratidagi hukumat matbuot idorasi direktoriga tayanib xabar berishicha, shanba kuni anklav shimolidagi G‘azo shahrining ayrim hududlariga Isroil tomonidan berilgan ikki zarba natijasida kamida 42 kishi halok bo‘lgan: 24 kishi “al-Shati” lagerida va yana 18 nafari “al-Tuffa” hududida o‘ldirilgan.
Isroil harbiylari bu borada qisqacha bayonot berdi: “Yaqinda SAXAL qiruvchilari G‘azo shahri hududida Xamasning ikkita harbiy infratuzilma obyektiga zarba berdi”.
Shuningdek, tez orada batafsil ma’lumotlar e’lon qilinishi aytilgan. Ayrim Isroil matbuotiga ko‘ra, hujum nishoni Xamas yetakchilaridan biri Raad Saad bo‘lishi mumkin.
Xamas Isroilning harbiy infratuzilmasiga qilingan hujum haqidagi bayonotiga izoh bermadi. Guruh bayonotida aytilishicha, hujumlar tinch aholiga qaratilgan.
Sharhlar