G‘arb mamlakatlari o‘z fuqarolarini Isroil va Eronga bormaslikka chaqirmoqda
Bir nechta G‘arb mamlakatlari o‘z fuqarolariga murojaat qilib, Isroil va Eron o‘rtasida keskinlik kuchayayotgan bir paytda ushbu mamlakatlarga borishdan voz kechishga chaqirdi, deb yozadi “Kommersant”. Bunday ogohlantirishlarni Avstriya, Germaniya, Kanada, Italiya, Fransiya va Shveysariya e’lon qildi.
Avstriya “mintaqada yaqin kunlarda keskin vaziyat” yuzaga kelishini kutmoqda. Tashqi ishalr vazirligi Eronga tashrif buyurmaslikni tavsiya qildi. Isroil uchun G‘azo sektorida davom etayotgan urush tufayli xavf to‘g‘risidagi ogohlantirish amal qilishda davom etmoqda.
Germaniya TIV o‘zining Eron, Isroil va Falastin hududlariga bormaslik haqidagi avvalgi tavsiyalarini tasdiqladi. Fuqarolardan Eronni tark etish so‘ralmoqda.
Fransiya TIV ham o‘z fuqarolarini Eron, Isroil, Falastin hududlari, shuningdek, Livanga tashrif buyurish yuzasidan ogohlantirdi. Idora buni “Yaqin Sharqda harbiy eskalatsiya xavflari” bilan izohladi.
Italiya TIV ham mintaqaga majburiy bo‘lmagan safarlardan tiyilish haqidagi tavsiyalarini tasdiqladi. Diplomatik missiyalar xavfsizlik choralarini qabul qildi. Isroilga tashrif buyurmaslik tavsiya etilgan axborotlarini Shveysariya TIV ham yangiladi.
Boshqa bir qator mamlakatlar avvalroq fuqarolariga mintaqaga bormaslikni tavsiya etgandi, ular orasida AQSH va Buyuk Britaniya ham bor.
Avvalroq O’zbekistonning Isroildagi elchixonasi mintaqadagi vaziyat tufayli Isroil hududida bo‘lib turgan fuqarolardan ehtiyotkorlik va xavfsizlik chora-tadbirlarini ko‘rish hamda doimiy ravishda hushyorlik zarurligini eslatgan edi.
Ayni paytda Isroil yaqin kunlarda Eron tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum bo‘lishini kutmoqda. 1 aprel kuni Isroil aviatsiyasi Eronning Damashqdagi elchixonasiga zarba bergan, oqibatda Islom inqilobi posbonlari korpusining ikki nafar genarali va yana besh a’zosi halok bo‘lgan edi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi Isroilning hujumini qoralab, uni xalqaro huquqlarning qo‘pol ravishda buzilishi deb atadi. Shuningdek, Eron javob reaksiyasi ko‘rsatish va “tajovuzkorni jazolash” borasida qaror qabul qilishini bildirdi.
10 aprel kuni Eron diniy yetakchisi oyatulloh Ali Xomeneiy Tehron diplomatik missiyaga hujumni “Eron hududiga berilgan zarba” deb baholayotganini va shu sababli, Isroil “jazolanishi shart”ligini ma’lum qildi.
Avvalroq Agar BMT Xavfsizlik kengashi Isroilning Damashqdagi Eron elchixonasiga berilgan zarbasini qoralab chiqsa, Eron javob zarbasi berishdan voz kechishi mumkinligi haqida islom respublikasining tashkilotdagi missiyasi ma’lum qilgan edi.
Sharhlar