G‘azoda 6 nafar asir halok bo‘lgach, Isroilda yarim million odam namoyishlarga chiqdi
G‘azo sektorida olti nafar asirning, shu jumladan rossiyalik Aleksandr Loginovning jasadi topilganidan keyin yuz minglab isroilliklar butun mamlakat bo‘ylab norozilik aksiyalariga chiqdi, deb yozadi “Kommersant”. Politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi. O‘nlab odamlar qo‘lga olindi, yaralanganlar bor.
Tashkilotchilar ma’lumotlariga ko‘ra, Tel-Avivda ko‘chalarga 300 ming kishi chiqqan, boshqa shaharlarda yana 200 ming kishi yig‘ilgan. Crowd Solutions hisob-kitoblariga qaraganda, Tel-Avivda qariyb 280 ming kishi namoyishlarda qatnashgan. Bu so‘nggi 18 oy ichidagi eng ko‘p sonli aksiyadir.
Namoyishchilar Isroil hukumati va bosh vazir Binyamin Netanyaxudan qolgan asirlarni uyga qaytarish uchun HAMAS bilan sulh tuzishni talab qildi. Mitingda asirlarning qarindoshlari chiqish qildi.
Hukumat bilan muvofiqlashtirilgan norozilik aksiyasidan keyin minglab odamlar Ayalon shossesiga chiqib, harakatni uch soatga to‘sib qo‘ydi. Ba’zilar gulxanlar yoqib, yo‘llarga to‘siqlar o‘rnatdi, tosh va metal buyumlar qo‘ydi. Politsiya ushbu aksiyani noqonuniy deb e’lon qildi va namoyishchilarni tarqatish uchun choralar qo‘lladi. Suv zambaraklari va yorug‘lik shovqinli granatalardan foydalanildi. Bir necha kishi jabrlandi. Tel-Avivda 30 ga yaqin odam, Quddusda esa besh kishi hibsga olindi.
Sharhlar