Jazoir prezidenti ikkinchi muddatga qayta saylandi
Jazoir prezidenti Abdulmadjid Tebbun 84 foizdan ko‘proq ovoz to‘plab, ikkinchi muddatga qayta saylandi. Bu haqda Jazoir radiosi respublika konstitutsiyaviy sudining bayonotiga tayanib xabar beradi.
Saylovchilarning 84,3 foizi Tebbunga ovoz bergan, ya’ni uni 7,9 milliondan ortiq kishi qo‘llab-quvvatlagan. Nomzodning saylovlardagi raqiblari “Tinchlik uchun jamiyat harakati” tomonidan ko‘rsatilgan Abdelali Hasaniy Sharif (9,5 foiz) va Sotsialistik kuchlar frontidan nomzod Yusuf Oshish (6,14 foiz) bo‘ldi. Saylovchilarning ishtiroki 46,1 foizni tashkil qilgan.
Respublikada saylovlar 7-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgandi. Ertasi kuni hokimiyat Tebbunni g‘olib deb e’lon qilib, saylovchilarning 95 foizi unga ovoz berganini, saylovlarda 48 foizi ishtirok etganini bildirdi. Sharifning saylovoldi tashviqoti ovozlarni sanab chiqishda qonunbuzarliklar qayd etilgani va saylov uchastkasi rasmiylariga natijalarni ko‘paytirish uchun bosim o‘tkazilayotganini ko‘rsatdi, deb yozgandi Reuters. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Sharifning matbuot kotibi Ahmad Sadok nomzod e’lon qilinganidan ko‘proq ovoz olganini da’vo qilgan.
Prezidentlikka uch nomzod, jumladan Tebbun ham keyinroq saylov komissiyasi e’lon qilgan dastlabki natijalarga e’tiroz bildiruvchi qo‘shma bayonotni bergan.
Sharhlar