Putinni hibsga olish uchun order bergan sudya Xalqaro jinoiy sud raisiga aylandi
Bir yil avval Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish uchun order bergan yaponiyalik sudya Tomoko Akane Xalqaro jinoiy sud raisi bo‘ldi. Bu haqda tashkilot saytida xabar berildi.
Akane 11-mart kuni sud a’zolari orasida o‘tkazilgan ovoz berish yakunlariga ko‘ra saylangan. Uning vakolatlari muddati uch yilni tashkil qiladi.
Akane bilan birga uning o‘rinbosarlari ham saylandi, ular italiyalik Rozario Aytala va beninlik Reyn Alapini-Gansu bo‘ldi.
Xalqaro jinoiy sud raisi va uning o‘rinbosarlaridan iborat prezidium “sud strategik boshqaruvini ta’minlashda hal qiluvchi rolni o‘ynaydi”, deyiladi sud saytida.
Akane va Aytala 2023-yil martida Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilish ayblovi bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni va bolalar ombudsmeni Mariya Lvovaya-Belovayani hibsga olish uchun order imzolagan Xalqaro jinoiy sudning uch nafar sudyasi orasida bo‘lgan.
Rossiyada Akane va Aytalaga qarshi qasddan noqonuniy hibsga olish va chet davlat vakiliga hujum tayyorlash moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Rossiya Ichki ishlar vazirligi sudyalarni qidiruvga bergan.
Sharhlar