Seul: KXDR Rossiyaning yordami bilan josus sun’iy yo‘ldosh uchirishga tayyorlanmoqda
Shimoliy Koreya Yaponiyani 4-iyunga qadar koinotga sun’iy yo‘ldosh uchirishi haqida ogohlantirgan. Bu haqda 27-may kuni Yaponiya qirg‘oq soqchiligi ma’lum qildi, deb yozadi DW. KXDR bildirishnomasida Koreya yarim oroli va Filippinning Luson oroli yaqinidagi eltuvchi raketa bo‘laklari qulashi mumkin bo‘lgan uchta xavfli hudud belgilab qo‘yilgan.
Avvalroq Janubiy Koreya hukumati KXDR o‘zining ikkinchi harbiy josus sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqarmoqchi deya ma’lum qilgan edi. Seul ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu sun’iy yo‘ldoshni ishga tushirishda Shimoliy Koreyaga Rossiya yordam beradi, bu Pxenyan Moskvaga uning Ukrainaga qarshi urushida bergan ko‘makka javob bo‘ladi. Janubiy Koreya va Amerika razvedkasi parvozga tayyorgarlikni diqqat bilan kuzatmoqda, deya ma’lum qildi Seul.
“Ryonxap” agentligi janubiy koreyalik mansabdorga tayanib yozishicha, josus sun’iy yo‘ldoshlarni uchirishda yordamlashish uchun KXDRga Rossiyadan ko‘plab mutaxassislar yetib kelgan.
KXDR josus sun’iy yo‘ldoshini bundan avval noyabrda uchirgan va 2024-yilda orbitaga yana uchta shunday qurilma joylashtirishga va’da bergan edi. Janubiy Koreya esa o‘zining ilk razvedkachi sun’iy yo‘ldoshini yanvarda uchirgandi.
Sharhlar