Germaniyada josuslikda gumonlanib, Rossiya, Armaniston va Ukraina fuqarolari qo‘lga olindi
Germaniyada chet el maxsus xizmatlari foydasiga agentura faoliyatini amalga oshirishda gumonlanib, uch kishi — Ukraina, Armaniston va Rossiya fuqarolari hibsga olindi, deb yozadi DW Bosh prokuror idorasiga tayanib. Ular aynan qaysi mamlakat razvedkasi uchun ishlaganiga aniqlik kiritilmagan.
Ta’kidlanishicha, ukrainalik Robert A., armanistonlik Vardges I. va rossiyalik Arman S. 19-iyun Frankfurt-Maynda qo‘lga olingan.
Ayblanuvchilar chet el razvedka xizmati topshirig‘i bilan Germaniyaga “bu yerda bo‘lib turgan ukrainalik odam haqida ma’lumot” yig‘ish uchun kelgan, qo‘lga olingan kuni ular Frankfur-Maynda bu odam kelishi kerak bo‘lgan kafeni kuzatayotgan edi, deyiladi Germaniya Bosh prokurori idorasi xabarida.
O‘z navbatida, Der Spiegel “xavfsizlik xizmati”ga tayanib yozishicha, agent deb gumon qilinayotganlar “ukrainalik odam” bilan Frankfurtdagi kafeda uchrashishga kelishgan, biroq u o‘ziga suiqasd uyushtirilishidan shubha qilib, politsiyaga xabar bergan. Bu odam “o‘z vatanida rossiyaliklarga qarshi kurashgani” aytilmoqda.
Sharhlar