JSST: Dunyoda qariyalar soni o’sishi tezlashmoqda, ularning soni 2050-yilda esa 2,1 milliardga yetadi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tasnifiga ko‘ra, 18 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lganlar — yoshlar toifasiga mansub. Biroq 24-25 yosh oralig‘ida inson ichki resurslari eng yuqori darajaga ko‘tarilib, so‘ng organizm ularni asta-sekin sarf qila boshlaydi. Aynan shu paytdan keksayish jarayoni boshlanadi.
Biz odatda qarilikning ilk tashqi belgilarini 35 yoshga kelib, yuz shakli va teri sifati o‘zgara boshlaganda sezamiz. Bu alomatlar kimlardadir erta, ayrimlarda kechroq paydo bo‘lishi mumkin. Biologlar esa yoshga bog‘liq degradatsiya yanada aniqroq bo‘ladigan va rivojlanadigan uchta asosiy bosqichni ajratib ko‘rsatishadi.
- Birinchi bosqich shartli ravishda 45 yoshda boshlanadi. Bu reproduktiv funksiya sezilarli darajada pasayadigan yoki yo‘qotila boshlaydigan yosh hisoblanadi.
- Keyingi muhim bosqich – 60 yosh. Unda to‘qimalar regeneratsiyasi va hujayralar bo‘linishi sezilarli darajada sekinlashadi. Natijada bu davrga kelib, insonda o‘rtacha uchta surunkali kasallik paydo bo‘lishi mumkin.
- Uchinchi bosqich 75 yoshda sodir bo‘ladi. Bu vaqtda to‘qimalarning hujayradan tashqari tuzilmalari yaroqsiz holga keladi va organizm hujayralari himoya to‘siqlarini yo‘qotadi. Bu esa yangi surunkali kasalliklarga “eshik ochadi”.
AQSHning Stenford universiteti tadqiqotchilari 34, 60 va 78 yoshda qon sifati sezilarli darajada o‘zgarishini ma’lum qildi. Olimlar qon plazmasidagi oqsillar (proteoma) yig‘indisini o‘rganib, ularning konsentratsiyasi bu yoshda keskin sakrash darajasida o‘zgaradi, degan xulosaga keldi.
Bu, organizmdagi eng muhim o‘zgarishlar va eng sezilarli qarish jarayonlari 34, 60 va 78 yoshda sodir bo‘lishini anglatadi.
Bugungi kunda qarish jarayonini sekinlashtirish masalasi ayniqsa dolzarb. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, aholining umumiy sonida 60 va undan katta yoshdagilarning soni hamda ulushi o‘sishda davom etmoqda. 2019-yilda bu yoshdagilar soni 1 mlrd nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2030-yilga borib, ushbu ko‘rsatkich 1,4 milliard, 2050-yilda esa 2,1 milliard kishiga yetadi. Bu o‘sish misli ko‘rilmagan sur’atlarda davom etmoqda va kelgusi o‘n yilliklarda, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda tezlashadi.
Shu munosabat bilan, butun dunyo olimlari o‘rtacha umr davomiyligini oshirish uchun kurashish emas, balki hayotning faol davrini (sog‘lig‘ini) uzaytirish va sifatli uzoq umr ko‘rishga tobora ko‘proq e’tibor qaratish lozimligini aytishmoqda. Shu ma’noda, har bir inson o‘z biologik yoshini kuzatib borishi va kelajakda salomatligi bilan bog‘liq muammolarning oldini olishi, sog‘lom turmush tarziga amal qilishi zarur.
Sharhlar