JSST: Maymun chechagi COVID-19 pandemiyasi darajasida global muammo tug‘dirmaydi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge dunyoning qator mamlakatlarida mpox (maymun chechagi) virusi tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat yuzasidan bayonot berdi.
Uning qayd etishicha, vahimaga berilishga hojat yo‘q. Mpox epidemiyasini to‘xtatish imkoni bor. Buning uchun zarur profilaktik chora-tadbirlar kuchaytirilishi kerak. Infeksiya o‘choqlari aniqlangan va virus tarqalishi xavfi yuqori hududlarda vaksinalar ta’minotini oshirish lozim.
“Maymun chechagi koronavirus darajasidagi o‘ta jiddiy muammo emas, biz mpox virusi bilan qanday kurashishni bilamiz” — deydi Xans Klyuge.
Bayonotga ko‘ra, iyun oyi oxiriga kelib, jami 116 mamlakat, jumladan, Markaziy Afrika Respublikasi, Burundi, Keniya va Ruandada kasallanish holatlari qayd etilgan.
Hozir qator davlatlarda virusning “Clade Ib” deb nomlangan yangi shtammi tarqalyapti. Ushbu mutatsiya Kongo Demokratik Respublikasida 500 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi. Avgust oyi boshida Shvetsiyada ham maymun chechagining xuddi shu turini yuqtirgan bemorlar ro‘yxatga olindi.
Britaniyalik olimlar fikricha, “Clade Ib” mutatsiyasi boshqa shtammlarga qaraganda yuqumliroq va nisbatan og‘irroq asoratlarni keltirib chiqaryapti.
Shunga qaramay, X. Klyuge mpox virusining har qanday shtammini tegishli epidemiologik chora-tadbirlar hamda xastalikka qarshi vaksinalar orqali nazorat qilish va jilovlash mumkin, degan xulosada.
Sharhlar