WikiLeaks asoschisi Julian Assanj Britaniya qamoqxonasidan ozod etildi
London Oliy sudi 2019-yildan buyon Londonning Belmarsh qamoqxonasida saqlanib kelgan WikiLeaks asoschisi Julian Assanjni garov evaziga ozod etdi. WikiLeaks vakillari xabar berishicha, u Avstraliyaga — rafiqasi va farzandlarining oldiga jo‘nab ketgan. Tashkilot jurnalist AQSH prokuraturasi bilan bitim tuzganini tasdiqladi.
“Bu matbuot erkinligi uchun kurashchilar, qonun chiqaruvchilar va butun siyosiy spektrdan yetakchilar, hatto BMT ishtirokidagi global kampaniya natijasidir. Bu AQSH Adliya vazirligi bilan davomiy muzokaralar olib borish uchun sharoit yaratib berdi, natijada bitim tuzildi, u hali rasman yakunlangani yo‘q. Biz iloji boricha tezroq qo‘shimcha ma’lumot taqdim etamiz”, — deyiladi WikiLeaks xabarida.
OAVlar yozishicha, AQSH prokuraturasi bilan bitim doirasida Julian Assanj milliy mudofaa haqidagi axborotni qo‘lga kiritish va fosh etish maqsadida til biriktirgan ayblovini qisman tan oladi. AQSH sudining 26-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan majlisida prokuratura so‘rovi bilan unga 62 oy qamoq muddati tayinlanishi kutilmoqda. Bitimga muvofiq, London qamoqxonasida o‘tkazilgan besh yil hisobga olinadi.
WikiLeaks — Julian Assanj tomonidan 2006-yilda asos solingan sayt bo‘lib, maxfiy ma’lumotlarni e’lon qilishga ixtisoslashgan. 2010-yilda saytda Iroq va Afg‘onistondagi nizolarga aloqador ma’lumotlar joylangan. AQSH jurnalistga maxfiy axborotni fosh qilganlik va uni qo‘lga kiritish uchun til biriktirganlik uchun 18 ta modda bo‘yicha ayblovlar e’lon qildi. Ushbu ayblovlar bo‘yicha u 175 yilga qamoqqa hukm qilinishi kerak edi.
2012-yil iyunidan Julian Assanj Londondagi Ekvador elchixonasi hududida yashagan. 2019-yil aprelida Ekvador uni diplomatik boshpanadan mahrum qildi. Shundan keyin WikiLeaks asoschisi Britaniya politsiyasi tomonidan qo‘lga olindi, so‘ng Belmarsh qamoqxonasiga o‘tkazildi. O‘shandan buyon u AQSHga ekstraditsiya qilinmaslik uchun kurashib kelayotgan edi.
Sharhlar