Kamala Xarris AQSH prezidentligiga nomzodini qo‘yish uchun kurashishga rozi bo‘ldi

Фото: Getty Images

AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarris Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodini qo‘yishga erishishini ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. Uning nomzodini prezidentlik poygasidan chiqishga qaror qilgan davlat rahbari Jo Bayden qo‘llab-quvvatladi.

Xarris Baydenning oq fotihasini olish uning uchun sharaf ekanini ta’kidladi. “Ushbu nomzodlikka loyiq ekanimni ko‘rsatib, uni qo‘lga kiritmoqchiman. Demokratik partiyani — millatimizni birlashtirib, Donald Trampni yengish uchun bor imkoniyatimni ishga solaman”, — deyiladi vitse-prezidentning bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 81 yoshli Jo Bayden prezidentlik saylovidan o‘z nomzodini olib tashlashini 21-iyul kuni e’lon qildi.

Kamala Xarris 59 yoshda. U uzoq yillar davomida prokuraturada ishlagan, Kaliforniya shtati bosh prokurori ham bo‘lgan. 2016-yilda AQSH Kongressi Senatiga saylovlarda g‘olib bo‘lgan, 2019-yilda Demokratik partiya praymerizida qatnashib, prezidentlikka nomzodini qo‘ygan. So‘ng nomzodini olib tashlab, Jo Baydenni qo‘llab-quvvatlagan. 2021-yilda ilk qora tanli ayol vitse-prezidentga aylangan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.