Kanada Ukrainaga 70 mln dollarlik 800 ta dron yuboradi
Kanada Ukrainaga jami qiymati 70 million dollardan oshadigan 800 dan ziyod SkyRanger R70 ko‘p maqsadli uchuvchisiz uchar qurilmalarni yo‘naltiradi. Bu haqda Kanada mudofaa vaziri Uilyam Bler ma’lum qildi. Dronlar 595,6 million dollarlik yordam paketi doirasida yetkazib beriladi.
“Bugungi e’lonimiz Ukrainada mamlakat uchun o‘ta muhim bo‘lgan, nishonlarni aniqlash uchun zarur uchuvchisiz uchar qurilmalar bo‘lishini kafolatlaydi”, — dedi Bler.
Reuters qayd etishicha, Ukrainada harbiy operatsiya boshlanganidan buyon Kanada Ukrainaga 9,7 milliard Kanada dollari (7,1 milliard AQSH dollari)dan ortiq yordam ajratgan. Shuningdek, u ukrainalik askarlarni tayyorlash uchun o‘z harbiylarini Yevropaga yuborgan hamda 175 mingdan ortiq ukrainalik qochqinlarni qabul qilgan.
Kanada hukumati 2023/24-moliya yilida Ukrainaga harbiy yordam uchun 816 million Kanada dollari (595,6 million AQSH dollari), 2024/25-moliya yilida — 318 million (232,1 million dollar), 2025/26-moliya yilida esa 197 million (143,8 million) ajratish ko‘zda tutilganini ma’lum qilgandi.
Sharhlar