Venesuelada saylov natijalari tufayli namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi
Venesuela poytaxti Karakasda muxolifat tarafdorlari prezident saylovi natijalaridan norozi bo‘lib namoyishga chiqdi, unda Nikolas Maduro uchinchi marta g‘olib chiqqan edi, deb yozadi “Kommersant”.
Karakas ko‘chalaridagi noroziliklar 29-iyul kuni kechqurun boshlangan. Markaziy ko‘chalardan birida ko‘p marta o‘q ovozlari yangragan. Milliy assambleya va Milliy saylov komissiyasi binolarini qo‘riqlash kuchaytirilgan, prezident saroyi harbiylar bilan o‘rab olingan.
Mitingda minglab odamlar qatnashmoqda. Ular “Ozodlik” va “Bu hukumat qulaydi” shiorlarini baralla aytmoqda, ustunlardan Nikolas Maduroning prezidentlik kampaniyasi tashviqot plakatlarini yirtib olib, ularni yoqib yuborgan, shuningdek, politsiya xodimlariga tosh uloqtirgan. Namoyishchilarni tarqatib yuborish uchun Venesuela xavfsizlik kuchlari ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va rezina o‘qlar qo‘llagan.
Venesuela muxolifatidan nomzod Edmundo Gonsales namoyishchilar qarshisida nutq so‘zlar ekan, saylovlarda u g‘olib chiqqanini isbotlovchi dalillar borligini aytdi. “Sizlarga chin ko‘ngildan aytamanki, qo‘limizda hisob-kitob ro‘yxatlari bor, ular bizning mutlaq va statistik jihatdan rad etib bo‘lmaydigan g‘alabamizni ko‘rsatadi”, — dedi u.
Venesuela prezidenti saylovi 28-iyul kuni bo‘lib o‘tdi. 29-iyul kuni kechqurun Milliy saylov kengashi Nikolas Maduroni rasman g‘olib deb e’lon qildi. Byulletenlarning 80 foizi hisoblab chiqilgach, Maduro 51,2 foiz, uning asosiy raqibi Edmundo Gonsales esa 44,2 foiz ovoz to‘plagan.
Sharhlar