Keniya prezidenti ommaviy norozilik namoyishlaridan keyin soliqlarni oshirish haqidagi qonunni chaqirib oldi
Keniya prezidenti ommaviy norozilik namoyishlari ortidan soliqlarni oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini chaqirib oldi. Uilyam Ruto Keniyada soliqlarni oshirishni nazarda tutuvchi moliyaviy qonun loyihasini imzolamasligini aytdi, deb yozadi Associated Press.
U bu haqda 26-iyun kuni, Nayrobidagi namoyishchilar parlamentga bostirib kirishga uringanidan bir kun o‘tib, politsiya ularni ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, suv purkagichlar va o‘q-dorilar bilan tarqatib yuborganidan keyin ma’lum qildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AP agentligining qayd etishicha, politsiya harakati oqibatida 22 kishi halok bo‘lgan.
Keniya hukumati qabul qilmoqchi bo‘lgan qonun davlat qarzini to‘lash va byudjet taqchilligini kamaytirish uchun soliqlarni oshirishni nazarda tutgan. Yangi qoidalarga qarshi norozilik namoyishlari iyun oyining o‘rtalarida boshlangan – qonun to‘liq bekor qilingunga qadar namoyishchilar non sotib olish, avtomobillarga egalik qilish, shuningdek, moliyaviy va mobil aloqa xizmatlari uchun soliqlarni qonundan chiqarib tashlanishiga muvaffaq bo‘lishgan.
Sharhlar