Agar Kiyev Rossiyani Ukraina bo‘yicha sammitga chaqirishga qaror qilsa, AQSH uni qo‘llab-quvvatlaydi
Agar Kiyev Rossiyani Ukraina bo‘yicha navbatdagi sammitga taklif etishga qaror qilsa, Vashington uni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Davlat departamenti vakili Metyu Miller ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. Bu orada 15-iyul kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy noyabrgacha Ukraina va uning ittifoqdoshlari Rossiyaning keyingi tinchlik sammitidagi ishtiroki rejasini ishlab chiqishini ma’lum qildi.
“Agar Ukraina Rossiyani bu sammitga taklif etishni xohlasa, unda albatta biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo Moskva vakillarini navbatdagi sammitga taklif etish-etmaslik borasida baribir Kiyevning o‘zi qaror chiqarishi kerak”, — dedi Miller brifing chog‘ida.
Avvalgi tinchlik konferensiyasi 15—16-iyun kunlari Shveysariyada bo‘lib o‘tgandi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha 80 ta mamlakat va to‘rtta tashkilot tomonidan imzolangan kommyunike e’lon qilingandi. U “tinchlik formulasi”ning uchta bandini o‘z ichiga olgandi. Ukraina tomoni keyingi konferensiyada Rossiya vakillari qatnashishi zarurligi haqida bir necha marta ta’kidlagan, ammo Rossiya tashqi ishalr vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin birinchi konferensiyani muvaffaqiyatsiz deb atab, Rossiya ikkinchi sammitda qatnashmasligini ma’lum qilgandi.
Sharhlar