AQSH Ukraina uchun havo hujumiga qarshi mudofaa raketalarini sotib olishga 2,2 mlrd dollar ajratdi
AQSH Ukraina uchun Patriot va NASAMS havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlariga raketalar sotib olish uchun 2,2 milliard dollar ajratdi. Bu haqda Pentagon xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyati ushbu qurol-yarog‘larnining Kiyevga yetkazilishini tezlashtirishni rejalashtirmoqda. Mablag‘lar Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi doirasida ajratiladi.
“Natijada Ukraina o‘z aholisi va eng muhim infratuzilma obyektlarini Rossiya havo hujumlaridan himoya qilish uchun kuchli ehtiyoj sezayotgan zenit raketalarni qo‘lga kiritadi”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Bayden Kiyevga 150 million dollar miqdorida qo‘shimcha harbiy yordam ajratishni buyurdi. Ushbu yordam paketi doirasida Ukrainaga AQSH zaxiralaridan HIMARS uchun o‘q-dorilar, raketa tizimlari, artilleriya snaryadlari va boshqa qurollar beriladi.
Bu Bayden aprelda Ukrainaga ko‘mak berish uchun mablag‘lar ajratishni ko‘zda tutuvchi milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunni imzolaganidan buyon Kiyevga ajratilayotgan yettinchi yordam paketidir. 2021-yildan buyon esa Kiyevga AQSH Mudofaa vazirligi zaxiralaridan ajratilayotgan 60-harbiy yordam paketidir.
Sharhlar