Isroil “HAMAS” va “Hizbulloh” komandirlari o‘ldirilganini ma’lum qildi
Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) 5-avgust kuni G‘azo sektorida “HAMAS” harakatining batalyon komandiri Jobir Aziz o‘ldirilganini ma’lum qildi, deb yozadi DW. Bir necha soatdan so‘ng esa SAXAL Livan janubida aviazarba oqibatida “Hizbulloh” shialar radikal harakati komandiri Ali Jamol Aldin Javad ham o‘ldirilganini xabar qildi.
Isroil armiyasi da’vo qilishicha, Jobir Aziz 4-avgust kuni G‘azo sektorida “Hasan Salame” va “Nosir” maktablari binolariga qilingan hujum oqibatida halok bo‘lgan, u yerda “HAMAS” qo‘mondonlik punkti joylashgan. Komandir bilan birga “boshqa terrorchilar” ham yo‘q qilingan. Aziz 2020-yildan buyon “HAMAS”ning “Al-Furkan” batalyoniga qo‘mondonlik qilib kelgan. U 2023-yil oktabrida Isroilga terrorchilik hujumlarini rejalashtirgan va ularda o‘zi ishtirok etgan, deya ma’lum qildi SAXAL.
Livan janubidagi Ebba yaqinida “Hizbulloh” tarkibidagi “Radvan” maxsus bo‘linmasi komandiri Ali Jamol Aldin Javad ham o‘ldirilgan. SAXAL o‘z xabariga hujum aks etgan videoni ham ilova qildi. Unda Isroil armiyasi harakatlanib ketayotgan mashinaga hujum qilganini ko‘rish mumkin.
Sharhlar