Kongressmenlar Pentagondan Ukrainaga AQSH quroli bilan Rossiyaga hujum qilishga ruxsat berishni so‘radi
13 nafar amerikalik kongressmendan iborat guruh Pentagon rahbari Lloyd Ostinga murojaat qildi. Ular o‘z xatida Ostindan Ukrainaga Amerika quroli bilan Rossiya hududiga zarbalar berishga ruxsat etishni so‘radi. Kongressmenlar fikricha, Ukraina qurolli kuchlarining frontdagi holati yomonlashuvi shunday zaruratni keltirib chiqargan.
Maktub mualliflari qayd etishicha, AQSH prezidenti Jo Bayden Ukraina harbiy rahbariyatiga istalgan operatsiyalarni o‘tkazishga ruxsat berishi kerak. Shuningdek, kongressmenlar ukrainalik qo‘shimcha uchuvchilarni F-16 qiruvchilarini boshqarishga o‘qitishni ta’minlashga va Ukrainaga yordam yetkazib berishni oshirishga chaqirdi. Berilgan oxirgi yordam frontda vaziyatni yaxshilash uchun yetarli emas, deb hisoblaydi xat mualliflari. Uni yetti demokrat va olti respublikachi imzoladi.
15-may kuni Rossiya qo‘shinlari Xarkov yo‘nalishida olg‘a siljishi tufayli Ukraina AQSHdan Amerika quroli bilan Rossiya hududiga zarbalar berish uchun ruxsat berishni talab qilayotgani ma’lum qilingandi. Ammo Oq uy siyosati o‘zgarmagan va u yetkazib berilayotgan qurol Rossiya hududida hujum operatsiyalari o‘tkazish emas, balki faqat mudofaa uchun mo‘ljallanganini ta’kidlab kelmoqda.
Sharhlar