Ukraina chet eldagi erkak fuqarolari uchun konsullik xizmatlarini bekor qiladi
Ukraina Tashqi ishalr vazirligi mamlakatning barcha elchixonalariga chet elda bo‘lib turgan 18—60 yosh oralig‘idagi erkak fuqarolarga konsullik xizmatlari ko‘rsatishni vaqtinchalik to‘xtatib turishni buyurdi. Bu haqda Ukrainaning “Zerkalo nedeli” nashri Ukraina tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Andrey Sibiganing tahririyat qo‘liga kelib tushgan xatiga tayanib xabar bergan.
23-apreldan Ukrainaga qaytish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishdan boshqa hech qaysi konsullik xizmatlaridan foydalanish mumkin bo‘lmaydi, deyiladi xatda. Hozircha bu ma’lumot Ukraina hukumati tomonidan tasdiqlangani yo‘q.
Konsullik xizmatlaridan foydalanish imkoniyati “Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan qurolli tajovuzi” tufayli hamda Ukraina fuqarolarining “harbiy hisobga qo‘yish masalasini tartibga solish bo‘yicha majburiyatlar”dan qochishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida cheklanmoqda, deyiladi xatda.
Ukraina Oliy radasi 11-aprel kuni safarbarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi, 5 kundan keyin uni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy imzoladi.
Ukrainaning harbiy xizmat yoshidagi barcha fuqarolari qonun matni e’lon qilinganidan keyin 60 kun ichida o‘zlarining harbiy-hisob ma’lumotlarini aniqlashtirishi shart.
Sharhlar