Kreml Tramp Putinga yashirincha COVID testlarini yuborganini tasdiqladi
Kreml Donald Tramp hokimiyat tepasida bo‘lgan paytida, pandemiya avjida AQShda testlar yetishmasligiga qaramay, Vladimir Putinga yashirincha COVID-19 testlarini yuborganini tasdiqladi. Bu ma’lumotni oldinroq jurnalist Bob Vudvord o‘z kitobida e’lon qilgan edi.
Vudvordning ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp bu qadamni Vashington va Moskva o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash umidida qo‘ygan. О‘sha davrda AQShda koronavirus testlariga qattiq ehtiyoj bor edi va Putin, aytilishicha, Trampni bu ma’lumotni oshkor qilishning ehtimoliy oqibatlari haqida shaxsan ogohlantirgan. Trampning o‘zi bu bayonotlarni rad etib, ular haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytdi.
Biroq Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin uchun testlar yuborilganini tasdiqladi. “Biz ham pandemiya boshida jihozlar (koronavirusga qarshi kurashish uchun – TMT) yuborganmiz”, – deb qo‘shimcha qildi u (Bloomberg iqtibosi).
Shu bilan birga, Peskov Vudvordning boshqa bir da’vosini – Tramp prezidentlik lavozimidan ketgandan so‘ng Putin bilan yetti marta telefon orqali bog‘langanini yolg‘on deb atadi.
Bob Vudvordning “Urush” kitobi 15-oktyabrda chiqadi, ammo hozirdayoq uning mazmunining bir qismini CNN va The Washington Post oshkor qildi. Tramp saylov shtabining vakili Stiven Chung Vudvordni qattiq tanqid qilib, uni “yaramas” va “to‘qima hikoyalar” muallifi deb atadi, ammo respublikachi prezidentlikdan ketgandan keyingi Tramp va Putin aloqalari haqidagi ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri rad etmadi. Respublikachilar partiyasidan vitse-prezidentlikka nomzod senator Jey Di Vens, “hatto bu rost bo‘lsa ham”, boshqa davlatlar prezidentlari bilan muloqot qilishda hech qanday yomon narsa yo‘qligini aytdi.
О‘z navbatida, vitse-prezident Kamala Xarris va amaldagi prezident Jo Bayden Trampni qoraladi. Xususan, Xarris bayon qilingan ma’lumotlar respublikachini yaxshi tavsiflashini ta’kidladi.
“Mening fikrimcha, Donald Trampda diktator bo‘lish istagi bor. U kuchli odamlarga havas qoladi, va ular u bilan o‘ynashadi, chunki u ularni do‘stlari deb o‘ylaydi. Va ular uni doimo boshqarib turadilar ya’ni xushomad va iltifot bilan boshqaradilar”, – dedi u.
Tramp Putinga yuborishi mumkin bo‘lgan testlar AQShda yetishmas edi, deb eslatdi Bayden: “U o‘zining yaxshi do‘sti Putinga qo‘ng‘iroq qildi, bu hazil emas, unda testlar borligiga ishonch hosil qilish uchun. Bu yigitga nima bo‘lgan?”.
Sharhlar