“Krokus”dagi teraktni uyushtirishda ko‘plab rossiyaliklar qatnashgani aniqlandi
“Rosfinmonitoring” Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Xoll” kontsert zalida teraktni tashkil etishda turli mamlakatlar vakillari, jumladan, rossiyaliklar ishtirok etganini ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant’”.
Idora boshlig‘i Yuriy Chixanchin hujum xalqaro guruh tomonidan puxta rejalashtirilgani, ammo tergov davom etayotgani sababli tafsilotlar oshkor etilmaganini ta’kidladi.
“Bu Markaziy Osiyo, Yevropa davlatlarining vakillari va rossiyaliklardan iborat xalqaro jamoa bo‘lgan”, – dedi Chixanchin Federatsiya Kengashining Byudjet va moliya bozorlari qo‘mitasi yig‘ilishida.
Chixanchin “Krokus”dagi terakt va undan keyin Dog‘istondagi terakt “Rosfinmonitoring” faoliyatini yaxshilash zarurligini ko‘rsatganini ta’kidladi. Departament Ichki ishlar vazirligi, FXX va prokuratura bilan birgalikda terrorchilarning xatti-harakatlari modeli ustida ishlamoqda.
Hujum 22-mart kuni kechqurun, qurolli shaxslar “Krokus Siti Xoll” binosiga bostirib kirib, o‘t ochgan paytda sodir bo‘lgan. Unda 140 dan ortiq odam halok bo‘ldi, 50 dan ortiq kishi jabrlandi. Otishmadan so‘ng terrorchilar binoga o‘t qo‘ygan, biroq tez orada qo‘lga olingan.
Hujum uchun javobgarlikni Rossiyada taqiqlangan “Islom davlati” terrorchilik tashkiloti bilan bog‘langan “Viloyat Xuroson” guruhi o‘z zimmasiga oldi. Shuningdek, Rossiya rasmiylari teraktda Ukrainaning ham ishtiroki borligini da’vo qilmoqda, biroq Kiуev buni rad etmoqda.
Sharhlar