Kursk oblasti aholisiga yordam uchun 8 mlrd rubl yo‘naltirildi
Rossiya hukumati Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan berilgan zarbalardan jabr ko‘rgan Kursk oblasti aholisiga yordam berish uchun 8 milliard rubldan ortiq mablag‘ ajratdi. Bu haqda Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Mishustinning so‘zlariga ko‘ra, bu hafta Kursk oblastiga mintaqa aholisiga yordam ko‘rsatish uchun qo‘shimcha 3 milliard rubldan ortiq mablag‘ ajratilgan. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi jabrlanganlarga bir martalik to‘lovlar uchun yana 1 milliard rubl ajratish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
“Kursk aholisining shoshilinch ehtiyojlari uchun jami 8 milliard rubldan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi”, – dedi bosh vazir.
Eslatib o‘tamiz, 6 avgust kuni ertalab soat 5:30 da Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalari Kursk oblasti hududiga bostirib kirishga uringan. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Kursk yo‘nalishidagi janglarda Ukraina Qurolli kuchlari 12,7 mingdan ortiq harbiy xizmatchi, 108 ta tank va boshqa harbiy texnikani yo‘qotgan.
Sharhlar