Janubiy Koreya KXDR bilan chegarada ogohlantirish maqsadida o‘t ochdi
20 ga yaqin shimoliy koreyalik askarlar koreyalararo quruqlik chegarasini kesib o‘tdi va janubiy koreyalik harbiylar ogohlantirish maqsadida o‘q uzgach, o‘z hududiga qaytib ketdi. Bu haqda Yonhap Janubiy Koreya Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasiga tayanib xabar bermoqda.
Hodisa mahalliy vaqt bilan 9-iyun kuni 12:30 da yuz bergan. KXDR harbiy xizmatchialri ikkala Koreyani ajratib turuvchi qurolsizlantirilgan hududning markaziy qismida demarkatsiya chizig‘ini buzib o‘tgan. Janubiy Koreya tomoni dastlab ovoz kuchaytirgichlar orqali ogohlantirish e’lon qilgan, so‘ng ogohlantiruvchi o‘qlar uzgan. Shundan keyin ular tomonidan hech qanday “noodatiy faollik” qayd etilmagan.
Qo‘mita fikricha, KXDR harbiylari chiziqni ataylab bosib o‘tgan. Ammo ayni paytda qurolsizlantirilgan hudud o‘t va o‘simliklar bilan qoplangan bo‘lib, demarkatsiya chizig‘ini bildiruvchi belgini payqash qiyinroq bo‘lib qolgan.
Sharhlar