KXDR Kim Chen In rahbarligida gipertovushli jangovar kallakli raketani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi (foto)
2-aprel kuni KXDR gipertovushli pastlovchi parvoz jangovar kallakli “Xvasonpxo-16B” o‘rta va uzoq va masofaga uchuvchi yangi raketani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Koreya Markaziy telegraf agentligi. Parvozga KXDR yetakchisi Kim Chen In rahbarlik qildi.
Sinovlar raketa xususiyatlarini, shu jumladan, “pastlovchi va sakrovchi parvoz trayektoriyalari” xususiyatini, shuningdek, yon tomonga manyovr qilish qobiliyatini tasdiqlash maqsadida o‘tkazilgan. Buning uchun raketaning tezligi, balandligi va masofasi cheklangan. Natijada raketa 72,3 km balandlikda (uning maksimal parvoz balandligi 101,1 km) 1 ming km masofani bosib o‘tib, Yapon dengizi akvatoriyasiga o‘tdi.
Sinovlar yakunida Kim Chen In KXDR barcha taktik, tezkor va strategik raketalarni qattiq yonilg‘ili dvigatellarga o‘tkazish, shuningdek, ularni boshqariluvchi va yadroviy jangovar kallaklar bilan jihozlash uchun imkoniyat yaratish vazifasini muvaffaqiyatli amalga oshirganini ma’lum qildi.
Sharhlar