La-Manshda muhojirlar o‘tirgan qayiq ag‘darilib ketdi, 12 kishi halok bo‘ldi
La-Mansh bo‘g‘ozida muhojirlarni olib ketayotgan kema ag‘darilib, cho‘kib ketishi oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda Reuters.
Muhojirlar Fransiyaning Le-Portel kommunasidan Buyuk Britaniyaga qarab suzayotgan edi. Kema yo‘lga chiqqanidan keyin ko‘p o‘tmay, halokatga uchragan.
Qirg‘oq soqchiligi ma’lum qilishicha, 50 dan ortiq yo‘lovchi qutqarib olingan. Yana kamida ikki kishi bedarak yo‘qolgan. Yo‘lovchilarning aksariyati Afrikadan, asosan, Eritreyadan bo‘lgan.
Buyuk Britaniya Yevroittifoqdan chiqqach, qit’a Yevropasi hududidan Britaniya orollariga muhojirlar oqimi sezilarli darajada kuchaydi. 2019-yilda Britaniyaga Fransiyadan qayiqlarda uch mingga yaqin muhojir suzib kelgan bo‘lsa, 2022-yilda ularning soni 40 mingdan, 2023-yilda esa 28 mingdan oshdi. 2024-yilning o‘tgan sakkiz oyida esa bu yo‘lni 20 ming kishi bosib o‘tgan.
Sharhlar