Leypsigda Motsartning oldin noma’lum bo‘lgan asari topildi
Leypsig musiqa kutubxonasidan Volfgang Amadey Motsartning ilgari noma’lum bo‘lgan asari topildi. Bu Karl Ferdinand Bekker kollektsiyasidan torli trio uchun o‘n ikki daqiqalik asar.
“Ganz kleine Nachtmusik” (“Juda kichik tungi serenada”) qo‘shimcha nomiga ega ushbu nusxa Zaltsburgdagi Xalqaro Motsarteum jamg‘armasi tomonidan yaratilgan Tyopfel ma’lumotnomasining yangi nashri ustida ishlash paytida topildi.
Qo‘lyozma taxminan 1780-yilga to‘g‘ri keladi, u asl yozuv emas, nusxadir. Motsarteum jamg‘armasining tadqiqotchi direktori Ulrix Leyzingerning so‘zlariga ko‘ra, Motsart bu asarni yozganida 10-13 yoshda bo‘lgan. Shunday qilib, u 1760-yillarning o‘rtalari va oxirlarida yozilgan bo‘lishi kerak.
Leyzingerning ta’kidlashicha, o‘sha davrdagi Motsartning boshqa asarlari bilan o‘xshashlik va tashqi xususiyatlar, masalan, notadagi kompozitorning nomi asarning unga tegishli ekanidan dalolat beradi.
Sharhlar