Maduro rojdestvo bayramini 1-oktyabrga ko‘chirmoqda, bu siyosiy inqirozdan chalg‘itishmi?
Venesuela prezidenti Nikolas Maduro katolik Rojdestvo bayramini 1 oktyabrga ko‘chirishini e’lon qildi. An’anaga ko‘ra, ushbu bayram 25-dekabrda nishonlanadi.
“Hozir sentyabr, siz Rojdestvo yaqinlashayotganini allaqachon his qilishingiz mumkin, shuning uchun men bu yil hurmat va minnatdorchilik belgisi sifatida Rojdestvoni 1-oktyabrga ko‘chirish haqida farmon chiqarmoqchiman”, – dedi Maduro televidenie orqali.
U venesuelaliklarga “tinchlik, baxt va xavfsizlik” bilan to‘la Rojdestvo bayramini va’da qildi.
Bayramni ko‘chirish to‘g‘risidagi qaror mamlakatdagi siyosiy inqirozning kuchayishi fonida qabul qilingan. Bir necha soat oldin prokurorlar muxolifat yetakchisi va prezidentlik saylovlaridagi Maduroning raqibi Edmundo Gonsales Urrutiani hibsga olishga order bergan edi.
G‘arb ommaviy axborot vositalari Rojdestvo bayramini ko‘chirish Maduroning xalq e’tiborini siyosiy muammolardan chalg‘itishga urinish, deb taxmin qilmoqda.
Bu Maduroning Rojdestvo bayramini birinchi bor ko‘chirishi emas. 2020-yilda, koronavirus pandemiyasi davrida u bayramni 15-oktyabrga, 2021-yilda esa 4-oktyabrga ko‘chirgandi.
Prezidentlik saylovlari 2023-yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Maduro 52 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan va bu unga uchinchi muddatga qayta saylanish imkonini bergan. O‘shanda muxolifat hokimiyatni saylov natijalarini soxtalashtirishda ayblab, Urrutia 67 foiz, Maduro esa 30 foiz ovoz olganini da’vo qilgandi.
Sharhlar