Qozog‘istonda oiladagi zo‘ravonlikni jinoyat deb tan olish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi
Qozog‘iston Senati ayollar huquqlari va bolalar xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi, deb yozadi Meduza. U asosan maishiy zo‘ravonlikni jinoyat deb tan olishga qaratilgan.
Ushbu qonun kaltaklaganlik va salomatlikka qasddan yengil jarohat yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy qiladi, shuningdek, salomatlikka qasddan o‘rta va og‘ir darajada zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni qat’iylashtiradi.
Endi jismoniy zo‘ravonlik va voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jinoiy protsessda tomonlarning yarashuviga imkon berilmaydi. Shuningdek, Jinoyat kodeksiga “O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan jinsiy tahqirlash” moddasi kiritiladi. Qonunda o‘z joniga qasd qilishni targ‘ib qilish ham jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda so‘nggi to‘rt yarim yil ichida oiladagi zo‘ravonlikdan 869 kishi halok bo‘lgan. Og‘ir tan jarohati yetkazish bo‘yicha 2086 ta holat qayd etilgan. 2023-yilda huquq-tartibot organlariga oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha 100 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Bu so‘nggi besh yilga nisbatan uch barobar ko‘pdir.
Hujjat fevral oxirida quyi palata tomonidan ma’qullangan edi. U kuchga kirishi uchun endi prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev tomonidan imzolanishi kerak.
Sharhlar