Stoltenberg: endi Ukrainaga qurol yetkazib berish barcha NATO mamlakatlari uchun majburiy bo‘ladi
Ukrainaga qurol yetkazib berish endi barcha NATO mamlakatlari uchun majburiy bo‘ladi. Bu haqda alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusselda NATO mudofaa vazirlari majlisidan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi, deb yozadi Meduza.
“Shuni ko‘rdikki, AQSH Ukrainaga qo‘shimcha yordamni kelishib olishga olti oy vaqt sarfladi. Yana shuni ko‘ryapmizki, ittifoqdoshlar tomonidan berilgan ba’zi va’dalar bajarilmadi. Agar biz buni ixtiyoriy yordamdan majburiyatga aylantirsak, qurol yetkazib berish ishonchliroq tus oladi va ko‘lami ham kengayadi”, — dedi Stoltenberg.
Qurol yetkazib berish NATO Birlashgan qurolli kuchlarining Yevropadagi bosh qo‘mondoni Kristofer Kavoli rahbarligi ostidagi tuzilmalar tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, ittifoqdoshlar Ukrainaga yiliga 40 milliard yevrolik harbiy ko‘mak taqdim etadi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina g‘alaba qozonishi uchun ushbu darajani “qancha talab etilsa, shuncha” saqlab turish kerak.
Sharhlar