Mali Ukraina bilan diplomatik aloqalarni uzishga qaror qildi
Mali hukumati Ukraina bilan diplomatik aloqalarni uzishga qaror qildi, deb yozadi “Kommersant”. Avvalroq Kiyev hukumat qo‘shinlari va “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasiga qarshi janglar olib borayotgan isyonchilarni qo‘llab-quvvatlab chiqqan edi.
Munosabatlarni “zudlik bilan” uzish haqidagi hujjat Mali hukumati saytiga joylangan. Qaror Ukraina harbiy razvedkasi vakili Andrey Yusov va Ukrainaning Senegaldagi elchisi Yuriy Pivovarovning gaplari tufayli qabul qilingani aytilmoqda. Mali fikricha, ularning birinchisi Ukrainaning hujumga aloqadorligini tan olgan, ikkinchisi esa xalqaro terrorizmni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagan. Press-relizda ta’kidlanishicha, Ukraina hukumati bu bayonotlarni qoralamagan ham, rad etmagan ham.
“Ukraina hukumatining xatti-harakatlari Mali suverenitetini buzadi, xorijiy aralashuv doirasidan chiqadi, buning o‘zi qoralashga arziydigan narsa hamda Maliga nisbatan yaqqol agressiya va xalqaro terrorizmni qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi”, — deyiladi hujjatda.
Mali hukumati Rossiya-Ukraina nizosi bo‘yicha neytral pozitsiyada bo‘lib kelganini ta’kidladi. Endi esa Mali Kiyev hukumatining “neonatsistik va yovuz” tabiati haqida gapirmoqda.
Iyul oxirida Malidagi qurolli guruhlar koalitsiyasi Tuareg isyonchilar hukumat qo‘shinlarining o‘nlab sakarlarini, shuningdek, “Vagner”ning rossiyalik jangchilarini o‘ldirib, yaralaganini ma’lum qilgan edi.
Ukraina harbiy razvedkasi vakili Andrey Yusov isyonchilar Malida rossiyaliklarga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazish uchun “axborot olganini va bu hammasi emasligi”ni aytgan edi. Ukrainaning Senegaldagi elchisi Andrey Pivovarov ijtimoiy tarmoqlarda isyonchilar harakatlarini qo‘llab-quvvatlab postlar joylagani uchun Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan edi.
Sharhlar