Baydenni qayta saylanishdan voz kechishga uning eng yaqin maslahatchilari ko‘ndirgan — Politico
AQSH prezidenti Jo Bayden o‘zining ikki nafar eng yaqin maslahatchilari — Mayk Donilon va Stiv Riketti bilan konsultatsiyalar o‘tkazganidan keyin ikkinchi muddatga nomzodini qo‘ymaslikka qaror qilgan. Bu haqda Politico o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ular Baydenga “favqulodda axborot”ni taqdim etgach, u noyabrdagi saylovlardan nomzodini olib tashlashga qaror qilgan.
20-iyul kuni ertalab Jo Bayden Mayk Donilon va Stiv Rikettini o‘zining Delaver shtati Rexobot-Bichdagi qarorgohiga taklif qilgan. U yerda Bayden o‘zida koronavirus aniqlanganidan keyin o‘z-o‘zini yakkalash rejimida ishlamoqda. Uchrashuvda maslahatchilar Amerika prezidentiga kongressmenlarning xavotirlari haqida gapirib bergan, xayriya tushumlari bo‘yicha yangilangan statistikani taqdim etgan va oxirida qayta saylanish ehtimolini ko‘rmayotganini ma’lum qilgan.
Uzoq davom etgan maslahatlashuvlardan so‘ng Amerika prezidenti yaqin yordamchialri guruhini va o‘z oilasini saylovoldi kampaniyasini tugatishga qaror qilgani haqida xabardor qilgan. Politico manbalari fikricha, Baydenning qayta saylanish rejalaridan kutilmaganda voz kechishi o‘z siyosiy imijini saqlab qolishga bo‘lgan intilish bilan bog‘liq. Shu tariqa Bayden qarorni o‘zi qabul qilgani haqida tasavvur uyg‘otmoqchi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH prezidenti Jo Bayden yangi muddatga qayta saylanishga harakat qilmasligini va prezident saylovidan o‘z nomzodini olib tashlashini ma’lum qildi. U muddat oxirigacha prezident lavozimida qolishini ta’kidladi. Bayden, shuningdek, o‘z vitse-prezidenti Kamala Xarrisni davlat rahbari saylovi uchun nomzod sifatida “to‘liq qo‘llab-quvvatlashi”ni bildirdi.
Shundan keyin AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarris Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodini qo‘yishga erishishini ma’lum qildi. Xarris Baydenning oq fotihasini olish uning uchun sharaf ekanini ta’kidladi.
Sharhlar