NATO Ukrainaga uzoq muddatli ko‘mak uchun mas’ul bo‘lgan shaxsni tayinlaydi
NATO mamlakatlari Donald Tramp AQSH prezidenti saylovida g‘olib chiqqan taqdirda, Ukrainaga yordam berishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqdi. Bu haqda The Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda, deb yozadi “Kommersant”. Shu jumladan, alyans Ukrainaga yuqori mansabli noharbiy amaldorni yuboradi, u harbiy yetkazmalar koordinatsiyasi uchun mas’ul bo‘ladi.
Bundan tashqari, Germaniyaning Visbaden shahrida Ukraina qurolli kuchlariga harbiy texnika, qurol yetkazib berilishi, ularni o‘qitishni muvofiqlashtirish uchun bosh qarorgoh tashkil etiladi. U NATOning harbiy ko‘mak oqimini optimallashtirishga va Ukrainaning alyansga ehtimoliy a’zoligi uchun ko‘prik yaratishga qaratilgan missiyasining bir qismiga aylanadi.
Ushbu choralar bir necha oylar davomida ishlab chiqilgan, ammo Jo Bayden va Donald Tramp o‘rtasidagi debatlardan so‘ng yanada dolzarblashgan. Bu reja Ukraina armiyasining qurollanish va tayyorgarlik darajasini NATO mamlakatlari ko‘rsatkichlariga yaqinlashtirish imkonini beradi. Ishlab chiqilgan tashabbuslar haqida 9—11-iyul kunlari Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida e’lon qilinadi.
Sharhlar