Afsonaviy bokschi Mayk Tayson videoblogerga qarshi jang qilish uchun ringga qaytadi
Amerikalik afsonaviy bokschi Mayk Tayson 19 yil ichida birinchi marta professional jang o‘tkazadi, deb xabar bermoqda “Kommersant”. 58 yoshli bokschining raqibi videobloger Jeyk Pol bo‘ladi, u Tayson ustidan g‘alaba qozongan taqdirda 40 million dollar mablag‘ni qo‘lga kiritishini ma’lum qildi.
Jangni Netflix striming servisi jonli efirda namoyish qiladi, natijada o‘n millionlab tomoshabinlar uni ko‘rishi mumkin bo‘ladi.
Tayson va Pol 15-noyabr kuni Texas shtatida joylashgan 80 ming kishilik AT&T Stadium stadionida ringga ko‘tariladi. Jang har biri ikki daqiqalik sakkizta raunddan iborat bo‘ladi. Unga professional jang maqomi berilgan.
Tayson 2005-yilda o‘z karyerasini yakunlagan bo‘lib, ko‘rgazmali janglarda bor-yo‘g‘i ikki marta qatnashgan. Birinchisida Korri Sandersni nokautga uchratgan bo‘lsa, ikkinchisida Roy Jons bilan durang natija qayd etilgan.
Sharhlar