Medvedev Bayden, Makron va Sunakni “Krokus”dagi terakt ishtirokchilari deb atadi

медведев
Фото: РБК

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Federal xavfsizlik xizmatining Podmoskovyedagi “Krokus Siti Xoll” konsert zalida uyushtirilgan terakt bo‘yicha yangi ma’lumotlari yuzasidan izoh berdi, deb yozadi “Kommersant”.

Uning fikricha, yangi ma’lumotlar Kiyevning hodisaga aloqadorligidan guvohlik beradi. Medvedev AQSH prezidenti Jo Bayden, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak, Germaniya kansleri Olaf Sholsni jinoyatga aralashishda aybladi.

“Xo‘sh, AQSH va Yevropa mamlakatlarining hurmatli yetakchilari! Terrorchilarning ularga Kiyevda bir million rubldan va’da qilingani va ular Rossiya-Ukraina chegarasidagi tuynukdan o‘tishi kerak bo‘lgani haqidagi bayonotlari siz uchun yetarli emasmi? Terakt ISHID tomonidan buyurtma qilingan, shundaymi? Haqiqiy buyurtmachilar — bu ukrainalik banderovchi razillar, sizlarning asrandilaringiz. Bu qotillikda qatnashganlar esa — barchangiz, Bayden, Makron, Sunak, Shols va boshqalar”, — deb yozdi Medvedev ingliz tilida X ijtimoiy tarmog‘ida.

Avvalroq “Krokus”dagi teraktda gumonlanayotganlarning so‘roq qilinishi aks etgan videolavha e’lon qilingan edi. Unda gumonlanuvchilar Sayfullo ismli shaxsdan topshiriqlar olgani, Ukrainaga borganidan keyin har biriga 1 million rubldan va’da qilinganini aytgandi. FXX da’vo qilishicha, Ukraina harbiylari terrorchilar chegaraning bir qismini minalardan tozalagan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.