Meksika prezidenti Putin tashrif buyurgan taqdirda, uni hibsga olishdan bosh tortdi
Meksika prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador Rossiya prezidenti Vladimir Putin oktabr oyida yangi prezident Klaudiya Sheynbaumning inauguratsiyasiga kelgan taqdirda, hukumat uni hibsga ololmasligini ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. Putinni hibsga olish uchun orderni Xalqaro jinoyat sudi chiqargan bo‘lib, Meksika unga a’zo mamlakatdir.
Obrador inauguratsiya marosimiga taklifnomalar Meksika diplomatik aloqalar o‘rnatgan mamlakatlar rahbarlarining barchasiga yuborilganini tasdiqladi. Undan Rossiya prezidenti tashrif buyurgan taqdirda, u Xalqaro jinoyat sudi orderiga muvofiq hibsga olinishi xavfi bor-yo‘qligi haqida so‘rashdi. “Biz bunday qilolmaymiz, bu bizning ishimiz emas”, — deya javob qildi Meksika prezidenti matbuot anjumanida.
U Meksika Rossiya va Ukrainaga kelishuvga erishishni taklif qilganini eslatdi. “Biz urushga qarshimiz, biz tinchlik tarafdorimiz”, — dedi Obrador.
Xalqaro jinoyat sudi 17-mart kuni Putinni hibsga olish haqida order chiqargan edi. Sud versiyasiga ko‘ra, Rossiya prezidenti Ukrainadan “aholi (bolalar)ning noqonuniy deportatsiya qilinishi bilan bog‘liq harbiy jinoyatlar” uchun javobgarlikka tortilishi mumkin.
Sharhlar