Melinda Geyts “Bill va Melinda Geyts fondi”dan ketishini e’lon qildi
Filantrop Melinda French Geyts o‘zi sobiq eri Bill Geyts bilan birga asos solgan Bill and Melinda Gates Foundation xayriya fondidan ketishini e’lon qildi, deb yozadi Meduza.
“Chuqur o‘ylab va fikr yuritib, fond raisdoshligi lavozimidan voz kechishga qaror qildim. Fonddagi so‘nggi ish kunim 7-iyun bo‘ladi”, — deb yozdi Melinda X ijtimoiy tarmog‘ida.
Sobiq er-xotin o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, Melinda Geyts fonddan ketganidan keyin “ayollar va oilalar manfaatlari yo‘lidagi” xayriya maqsadlari uchun 12,5 milliard dollarni qo‘lga kiritadi.
“Hozir AQSHda va butun dunyoda ayollar va qizlar uchun vaziyat og‘ir — tenglikni himoyalash va ilgari surish uchun kurashayotganlar esa ko‘makka kuchli ehtiyoj sezmoqda”, — dedi Melinda Geyts.
Sobiq xotinining qarorini izohlar ekan, Bill Geyts unga fond ishiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Bill Geyts va Melinda French 1994-yilda turmush qurgan, ularning uch nafar farzandi bor. 2021-yilda Geytslar ajrashishini e’lon qilgandi.
Bill va Melinda Geyts fondi — dunyodagi eng yirik xususiy fond bo‘lib, shuningdek, u eng nufuzlilaridan biri ham.
Sharhlar