Keyt Middltonga saraton tashxisi qo‘yildi

Foto: Reuters

Uels malikasi Keyt Middlton qorin bo‘shlig‘ida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan keyin unga saraton tashxisi qo‘yilganini ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. Ayni paytda u kimyoviy terapiya muolajasini olmoqda.

“Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi, lekin undan keyingi tahlillar saraton borligini ko‘rsatdi. Shifokorlar menga profilaktik kimyoviy terapiya kursini maslahat berishdi, hozir men davolanishning ilk bosqichida turibman”, — dedi Middlton X ijtimoiy tarmog‘iga joylashtirilgan videomurojaatida.

17-yanvar kuni Kensington saroyi Keyt Middlton qorin bo‘shlig‘ida jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun rejali ravishda kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar bergandi. Shundan keyin OAVlarda uning salomatligi yomonlashgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan va uning jamoat tadbirlarida ko‘rinmay qolgani muhokama qilingan edi.

Mart boshida Kensington saroyi Uels malikasining jarrohlik amaliyotini o‘tkazganidan keyingi ilk rasmiy suratini e’lon qilgandi.

20-mart kuni esa Keyt Middlton uzoq vaqtlardan buyon birinchi marta shahzoda Uilyam bilan birgalikda omma oldida ko‘rinish berdi.

Avvalroq Keyt Middlton davolangan The London Clinic xususiy klinikasi xodimlariga nisbatan surishtiruv olib borilayotgani, ular Middltonning tibbiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga urinishda gumonlanayotgani xabar berilgan edi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.