Militsiya O‘shda 15 yoshli qizni zo‘rlaganlikda gumon qilinayotgan shaxsni ushladi
Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi O‘sh viloyatida 15 yoshli qiz bir oydan ortiq jinsiy qullikda saqlangani haqidagi ma’lumotga izoh berdi.
Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, O‘sh shahrida bir guruh o‘smirlar, jumladan, o‘g‘il-qizlar voyaga yetmagan qizni kanal qirg‘og‘iga olib kelishgan.
“Jismoniy kuch ishlatib, masxara qilgan va tan jarohati yetkazgan. Qolaversa, qiz bir necha kun davomida noma’lum manzilda saqlangan”, — deydi militsiya.
Bu fakt 23-avgust kuni O‘sh viloyati IIB ma’lumotlar jurnalida qayd etilgan. Mazkur holat bo‘yicha militsiya qizni zo‘rlashda gumon qilingan 27 yoshli shaxsni qo‘lga oldi. Voyaga yetmagan bolani kaltaklaganlikda gumon qilingan 21 yoshli qiz ham militsiya bo‘limiga olib ketilgan. Uning hibsga olingani haqida ma’lumot yo‘q.
“Sud-tibbiyot va boshqa ekspertizalar tayinlangan. Noqonuniy harakatga aloqador boshqa shaxslarning joylashgan manzilini aniqlash ishlari olib borilmoqda. Kaltaklash va bezorilik holatlari aks etgan videoyozuvlar ashyoviy dalil sifatida olindi”, — deyiladi IIV axborotida.
Avvalroq O‘shda 15 yoshli qiz bir oydan ortiq jinsiy qullikda saqlanganligi ma’lum bo‘lgan edi. Bu haqda Ombudsman Jamila Jamanbaevaga jabrlanuvchining advokati ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “qiz intim xizmat ko‘rsatish uchun turli erkaklarga “sotilgan”. Advokat, shuningdek, “qizning zo‘ravonligi haqidagi dahshatli tasvirlarni” olgan video yozuvlarni ham eslatib o‘tdi.
Sharhlar