Tojikiston prezidenti “milliylikka yot kiyimlar” kiyishni taqiqlovchi qonunni imzoladi
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 35 ta qonunni imzoladi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati. Ular orasida “Tantana va marosimlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun ham bo‘lib, u mamlakatda “milliylikka yot kiyimlar” kiyishni taqiqlaydi. Shuningdek, prezident “isrofgarchilik”ni va “idgardak” an’anasini taqiqlovchi qonunlarni ham imzoladi.
Asia-Plus xabariga ko‘ra, qonun Tojikistonda hijob o‘raganlik uchun jarimalar va ayollarga hijobni ro‘mol sifatida o‘rash haqidagi talablar fonida qabul qilingan. Qonunga rioya qilmaslik jarimaga sabab bo‘ladi. Biroq qonunning o‘zida aynan qanday kiyim “milliylikka yot” bo‘lib hisoblanishiga aniqlik kiritilmagan.
Taqiq ostiga tushgan “idgardak” Qurbon hayiti, Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami bilan bog‘liq an’ana bo‘lib, bu vaqtda bolalar chiroyli kiyimlar kiyib va katta sumkalar olib, turli noz-ne’matlar so‘rab uyma-uy yuradi.
Tojikiston prezidenti matbuot xizmati aniqlik kiritishicha, qonunlar “azaliy qadriyatlar va milliy madaniyatni himoya qilish”, bid’at va xurofotlar oldini olish, shuningdek, bayramlarni nishonlashda “ortiqcha xarajatlar va isrofgarchiliklar”ga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qabul qilingan.
Sharhlar