AQSHning Florida shtatida “Milton” dovuli tufayli 5,5 mln aholi evakuatsiya qilishga chaqirildi
AQSHning Florida shtati gubernatori Ron Desantis shtatga yaqinlashib kelayotgan “Milton” dovuli tufayli aholini zudlik bilan evakuatsiya qilishga chaqirdi.
Majburiy yoki tavsiyaviy evakuatsiya haqidagi bildirishnomalar 5,5 milliondan ortiq odamga yuborilgan. Ta’kidlanishicha, bu Florida tarixidagi eng yirik evakuatsiyadir.
“Agar ketmoqchi bo‘lsangiz, hoziroq keting”, — dedi gubernator matbuot anjumanida. Shuningdek, u AQSH prezidenti Jo Bayden shtat ma’murlari tomonidan yaqinlashib kelayotgan dovulga tayyorgarlik bilan bog‘liq barcha takliflarni ma’qullaganini aytdi. Dovul oqibatlari bilan ishlashga AQSH Milliy gvardiyasining 8 mingga yaqin a’zosi jalb etiladi.
“Milton” Meksika ko‘rfazida 2005-yildan buyon kuzatilgan eng yirik dovuldir. U 9-oktabr kuni Tampa ko‘rfaziga yopirilishi kutilmoqda, u yerda 3,3 million aholi yashaydi.
Sharhlar