Rossiyalik Oleg Kononenko koinotda ming kun vaqt o‘tkazgan ilk kosmonavtga aylandi
Rossiyalik Oleg Kononenko koinotda jami ming kecha-kunduzni o‘tkazgan dunyodagi ilk kosmonavtga aylandi, deb xabar bermoqda “Roskosmos”. Rekord bugun, 5-iyun kuni Toshkent vaqti bilan 02:20 da o‘rnatilgan.
2023-yil sentabridan buyon Oleg Kononenko o‘zining beshinchi fazoviy parvozini amalga oshirmoqda. Xalqaro koinot stansiyasiga bir yillik parvoz 2024-yil 23-sentabrida tugagan paytda kosmonavtning jami parvoz vaqti 1110 sutkani tashkil etishi kutilmoqda.
Kokonenkoning o‘zi ma’lum qilishicha, yangi jahon rekordi bilan uni birinchi bo‘lib stansiyaning Amerika segmenti ekipaji a’zolari va Xyustondagi Parvozlarni boshqarish markazi tabriklagan.
“Roskosmos” ma’lumotlariga ko‘ra, koinotda bo‘lib turish vaqti bo‘yicha ikkinchi o‘rinni rossiyalik kosmonavt Gennadiy Padalka (878 sutka), uchinchi o‘rinni ham rossiyalik Yuriy Malenchenko (827 sutka) egallamoqda. Bu borada to‘qqizinchigacha bo‘lgan pog‘onalarning barchasini rossiyaliklar band qilgan. To‘qqizinchi o‘rinda esa XKSning ilk ayol komandiri Peggi Uitson joylashgan bo‘lib, uning koinotda jami o‘tkazgan vaqti 675 sutkadan oshadi.
Sharhlar