Sun’iy zakovat orqali yaratilgan marokashlik model raqamli dunyo go‘zaliga aylandi
Sun’iy zakovat tomonidan yaratilgan marokashlik model Kenza Leyli dunyodagi birinchi Miss AI (“Sun’iy zakovat go‘zali”) go‘zallik tanlovida g‘olib bo‘ldi, deb yozadi “Kommersant”. Uning ishlab chiquvchilari 13 ming dollarni qo‘lga kiritdi.
Kenza Leylining Instagram’dagi sahifasida 195 ming obunachisi bo‘lib, u yettita tilda gaplasha oladi. Qiz o‘z obunachilari bilan kecha-yu kunduz muloqot qilib, ularni “o‘z go‘zalligi va kamtarligi bilan o‘ziga rom qiladi”, deb yozadi The New York Post.
“Mening maqsadim doim Marokash madaniyatini faxr bilan namoyish etish bo‘lgan”, — deydi Kenza Leyli. U o‘z mashhurligidan ayollar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, atrof-muhitni himoya qilish va robotlar haqida ijobiy axborot tarqatish yo‘lida foydalanishga va’da bermoqda.
Tanlovda 1,5 mingdan ortiq ishtirokchi bor edi. Ikkinchi o‘rinni fransiyalik Lalina ismli “raqamli ishtirokchi” egalladi (118 ming obunachisi bor). Uchinchi o‘rinda portugaliyalik neyromodel Oliviya Si joylashdi, u travel-blog “olib boradi”. Ularning ishlab chiquvchilari ham tegishli ravishda 5 ming va 2 ming dollar miqdorida mukofotga ega bo‘ldi.
Ishtirokchilar asosan go‘zalligi, tashqi ko‘rinishining qanchalik realligi, texnologik mohirlik va ijtimoiy tarmoqlardagi nufuzi kabi mezonlar bo‘yicha baholandi.
Sharhlar