Hindiston bosh vaziri Putin bilan uchrashish uchun Moskvaga keladi
Hindiston hukumati rahbari Narendra Modi Moskvaga tashrif bilan keladi, deb yozadi Meduza. Hindistonning The Tribune gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga Modi 8-iyul kuni keladi, tashrif bir kun davom etadi. “TASS” manbasi Modi Moskvada kutilayotganini tasdiqladi, ammo uning ma’lumotlari bo‘yicha, Hindiston bosh vazirining tashrifi ikki kunlik bo‘ladi.
Bundan avval Modi Moskvaga 2015-yilda kelgan, Rossiyaga esa so‘nggi marta 2019-yilda tashrif buyurib, Vladivostokdagi Sharqiy iqtisodiyot forumida qatnashgan edi.
The Tribune qayd etishicha, Modi Milliy demokratik alyansning saylovlardagi g‘alabasidan keyin hukumat rahbarligini uchinchi marta egallagani hamda Vladimir Putinning beshinchi prezidentlik muddati boshlanganiga ko‘p o‘tmasdan Moskvaga kelmoqda.
Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga to‘liq ko‘lamdagi istilosi boshlanib, uning natijasida sanksiyalar joriy etilganidan keyin Hindiston Rossiya neftining asosiy xaridorlaridan biriga aylandi. Rossiya Hindistonga neft xomashyosini katta chegirma bilan sotmoqda. Ushbu neftning bir qismini Hindiston o‘z neftni qayta ishlash zavodlarida qayta ishlab, olingan mahsulotni, shu jumladan, Yevropa mamlakatlariga sotib, foyda olmoqda. Rossiya neftini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish Yevroittifoq mamlakatlariga sanksiyalar bilan taqiqlangan.
Hindiston Rossiyaning Ukrainaga hujumini qoralab chiqmadi va Shveysariyadagi tinchlik sammiti yakunlari bo‘yicha deklaratsiyani imzolamadi.
Sharhlar