Modi Putinga “urush – yechim emas”ligini bildirdi
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Rossiya prezidenti Vladimir Putinga “urush – yechim emas”ligini bildirdi. Bu haqda u Kremlda Putin bilan uchrashuvda Ukrainadagi mojaroga izoh berayotganida aytdi.
“Yechim urush orqali bo‘lishi mumkin emas. Bombalar, raketalar, miltiqlar tinchlikni ta’minlay olmaydi. Shuning uchun biz muloqotga urg‘u beramiz va muloqot zarur”, — dedi Modi. Modi buni “do‘st” sifatida aytayotganini va “avlodlarimizning porloq kelajagi” uchun zarurligini ta’kidlagan.
Modining qayd etishicha, uchrashuv chog‘ida prezidentlar bir-biriga hurmat bilan “ochiq tarzda” Ukraina mavzusi bo‘yicha fikr almashgan.
Bu Hindiston bosh vazirining Putinga Ukrainadagi mojaro mavzusida birinchi marta murojaat qilishi emas. Shunday qilib, 2022-yil sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida Modi Putinga “hozirgi davr urush davri emas, siz va men buni ko‘plab telefon suhbatlarida muhokama qilganmiz. Bugun biz tinchlik yo‘lida qanday qilib olg‘a borishimiz haqida gaplashish imkoniga egamiz” degandi.
Sharhlar