Moskvada aeroportida Markaziy Osiyo fuqarolari urushga borishga targ‘ib qilinmoqda
Markaziy Osiyo davlatlarining fuqarolari Rossiyaga kiritilmaslik holatlari davom etmoqda. 10-avgust kuni Urganchdan Moskvaning Sheremetyevo aeroportiga qo‘ngach, chegaradan kiritilmagan O’zbekiston fuqarosi D.S. bilan suhbatlashildi. Uning ta’kidlashicha, aeroportning neytral hududiga har kuni Rossiyaga kiritilmagan yuzlab muhojirlar kelmoqda, deb yozadi Migrant.uz.
D.S. 10-avgust kuni Urganchdan Moskvaga Aeroflot aviakompaniyasi samolyotida uchib kelgan, biroq 2012-yildan buyon Moskvada qurilish sohasida ishlab keladigan o‘zbekistonlik yigit bu safar chegarachi bilan noodatiy suhbatga duch kelgan. D.S. ga avval qayerda ishlagani, kim bo‘lib ishlashi, maoshi haqida savollar berilgach, chegarachi unga armiyada xizmat qilishni taklif qilgan.
“Migratsion kartaga “pechat” qo‘yish uchun borganda chegarachi: “avval qayerda ishlagansan? hozir qayerda ishlaysan? oyliklaring necha pul?”, – deb so‘radi. Javob berganimdan keyin “senga yaxshiroq ish taklif qilsak, ishlaysanmi?” deb so‘radi. Nima ish, deb so‘raganimda “armiyada xizmat qilasan, keyin politsiyada ishlaysan”, degan javobni berdi. Yo‘q, deganimda, maosh masalasini ko‘tardi. “Har oy 200 ming rubldan oylik olasan, ish boshlashingdan avval yana qanchadir summa pul beriladi”, deb aytdi. Shundan keyin ham men “net, ne xochu” (yo‘q, xohlamayman) deb, o‘zimning ishim borligi va yaxshiligini aytdim. Javobimdan so‘ng meni ortga qaytarishdi. “Opros” degan xonani oldida navbatimni kutib turdim”, – degan D.S..
D.S.ning aytishicha, “armiyada xizmat qilish taklifi” faqat unga berilmagan. Faqat yoshi katta odamlar rad javobini bersa, ularni qatordan chiqarmay, o‘tkazaverishgan. Dostonbekka o‘xshagan yosh yigitlar esa Rossiyaga kiritilmagan.
Neytral hudud (steril hudud) da ham asosan yosh yigitlar O‘zbekistonga yuborishlarini kutayotganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra 150 nafar Rossiyaga kiritilmaganlarning deyarli barchasi yigitlar. Ularning orasida faqat ikki nafar qirg‘izistonlik ayollar bor.
““Opros” deb nomlangan xonaga kirishdan avval navbatimni kutdim. Navbatingiz kelsa ism, familiyangizni aytib, chaqirishadi. Xonaga ikkitadan kiriladi. Chunki suhbat qiladigan xodimlar ham ikki nafar. Suhbat ko‘p cho‘zilmadi. Qayerda ishlashimni, nima ish qilishimni so‘rashdi. Telefonimni ko‘p tekshirishmadi, tez qaytarib berishdi. IMEI kodini yozib olishdi, xolos. Suhbatdan keyin neytral hududga o‘tdim. Hujjatlarimni berishmadi. O‘zlarida olib qolishdi.Nima uchun Rossiyaga kiritilmaganimni ham tushunganim yo‘q. Faqat men emas, hech kim tushunmadi. Meni zapretim yo‘q, MVD saytida hozirgacha tekshirsam, hech qanday zapret chiqmayapti” – deydi guvoh..
Aeroportdagi shart-sharoitlar bo‘yicha D.S.ning ma’lum qilishicha, har kuni neytral hududga o‘nlab odamlar keladi va yana o‘nlab odamlar vatanlariga qaytarib yuboriladi. Rossiyaga kiritilmaganlar qaysi shahardan uchib kelgan bo‘lsa, o‘sha shaharga qaytarib yuborilmoqda. Toshkentga har kuni reys bor.
“Shuning uchun Toshkentdan uchib kelayotganlar tez ortga qaytarilmoqda. Boshqa shaharlarga reyslar kamroq. Shuning uchun ular ko‘p qolib ketyapti. Qolaversa, puli bor fuqarolar o‘zlarining yonidan biletga mablag‘ sarflab tez qaytib ketmoqda”. D.S. o‘zi bilan uchib kelgan bir tanishi Sheremetyevoda Rossiyaga kiritilmagach, o‘z yonidan bilet xarid qilib, Toshkentga uchganini, Toshkentdan esa Domodedovoga qaytadan uchib kelganini va muammosiz Rossiyaga kirib kelib, allaqachon ishga joylashib ulgurganini aytgan.
Sharhlar