Moskvada urushga safarbar qilinganlarning rafiqalari Mudofaa vazirligi binosining oldiga aksiyaga chiqishdi
Urushga safarbar qilinganlarning yaqinlari Moskvadagi Mudofaa vazirligi binosi oldiga yig‘ilib, mudofaa vaziri Andrey Belousov bilan uchrashishni talab qilishdi. Namoyishchilar, agar kerak bo‘lsa, bino oldida tunashga tayyor ekanliklarini aytishdi, deya xabar beradi “Dojd”.
Aktsiya “Paulina/Mobilizatsiya va odamlar” telegram kanalida yoritilgan. Uning muallifi Paulina Safronova.
Aktsiya davomida militsiya xodimlari safarbar etilganlarning xotinlari oldiga kelgan. Safronovaning so‘zlariga ko‘ra, politsiya namoyishchilarga yaqinlashgan barcha “hamdard”larni to‘xtatib, hibsga olgan.
Bugun “Put domoy” (“Uyga yo‘l”) harakatiga a’zo safarbar qilinganlarning rafiqalari “Oilasiz kun” aksiyasini ham o‘tkazmoqda. Aksiya ishtirokchilari “Oilasiz kun” va “Oilasiz parad” deb yozilgan plakatlar bilan fotosuratlar yuborishmoqda.
Harakat ishtirokchilaridan biri “Dojd” jurnalisti Valeriya Ratnikovaga aytishicha, aksiyadan maqsad ular “ko‘rinmas odam” ham va “xorijiy agent” ham emas, balki “o‘z erkaklarini yo‘qotgan real qarindoshlar” ekanliklarini ko‘rsatishdir.
“Oila kuniga bag‘ishlangan parad hamma joyda reklama qilinayotganini ko‘rganimda shu g‘oya paydo bo‘ldi. Va negadir shu lahzada bizga, ikki yildan ortiq vaqtdan beri to‘laqonli oila bo‘lib yashamayotganlarga e’tibor berishmadi”, — deydi harakat ishtirokchisi.
Sharhlar