Bayden: “Biz Moskvaga, Kremlga zarbalar berilishini ma’qullamaymiz”
AQSH Ukrainaga Amerika qurolidan Rossiya hududi ichkarisiga zarbalar berish uchun ruxsat bergani yo‘q. Bu haqda Jo Bayden ABC News’ga bergan intervyusida aytib o‘tdi, deb yozadi Meduza.
Suhbat chog‘ida AQSH prezidenti jurnalistning Amerika quroli Rossiya ichkarisidagi nishonlarga zarba berishda qo‘llanilgan-qo‘llanilmagani haqidagi savoliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berdi. Shu bilan birga, Bayden Kiyevga bu qurol bilan Moskvaga hujum qilish taqiqlanganini ta’kidladi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomoniga “Rossiyaning Ukrainadagi muayyan nishonlarga hujumlariga javoban chegara yaqinidagi zarbalar” uchun ruxsat berilgan. “Biz Rossiya ichkarisiga 200 mil (320 km) masofaga zarbalarni ma’qullamaymiz va Moskvaga, Kremlga zarbalarni ham ma’qullamaymiz”, — dedi Bayden.
Shuningdek, ABC News jurnalisti prezidentdan Putinning Ukrainaga yuqori aniqlikdagi G‘arb qurolining yetkazib berilishini urushda bevosita qatnashish degan gaplariga qanday qarashi haqida savol berdi.
“Men Putinni 40 yildan ko‘proq vaqtdan buyon taniyman. Va u meni 40 yildan buyon tashvishlantirib keladi. U insofli odam emas. U Ukrainaga hujumni davom ettirgan holda o‘z mamlakatini bor kuchi bilan ushlab qolishga urinayotgan diktator, — dedi Bayden. — Biz ularga Moskvaga, Kremlga zarba berish uchun qurol taqdim etish haqida gapirganimiz yo‘q — balki faqat rossiyaliklar tomonidan Ukrainaga bostirib kirish va ukrainaliklarni o‘ldirish uchun qo‘llanilayotgan oddiy turdagi qurollardan o‘qqa tutilayotgan chegaradan zarba berish haqida gapirmoqdamiz”.
Sharhlar